Muzey faoliyati
Termiz arxeologiya muzeyiga har yili o'rtacha 80 mingga yaqin mahalliy tomoshabinlar va xorijlik sayyohlar tashrif buyuradi. Muzey ekskursovodlari va ilmiy xodimlari tashrif buyurgan tomoshabinlarga o'zbek, rus, ingliz va tojik tillarida qiziqarli va mazmunli ekskursiyalar o'tishadi.
Termiz arxeologiya muzeyida 4 ta bo'lim: “Turizm va marketing”, “Noshirlik ishlari va axborot texnologiyalarini yuritish”, “Harakatdagi ko'rgazmalar”, “Muzey ashyolari va kolleksiyalarini ro'yxatga olish va hisob-kitobini yuritish” bo'limlari faoliyat yuritadi. Shuningdek, ilmiy yo'nalishdagi faoliyat bo'yicha 4 ta katta ilmiy hodim, 3 ta ilmiy hodimlar faoliyat olib boradi.
Termiz arxeologiya muzeyi nafaqat muzey eksponatlarini namoyish etib tomoshabinlarga xizmat qiladi, Balki, ilmiy-arxeologik tadqiqot ishlarini ham olib boradi. Muzey tomonidan Surxon vohasidagi Eski Termiz, Qoratepa, Fayoztepa, Dalvarzintepa, Chingiztepa, Tallitag'ora, Sulton Saodat maqbaralar majmui, Oqostona bobo kabi arxeologiya va me'moriy yodgorliklarida arxeologik qazishma ishlari amalga oshirilgan. Ushbu qazishmalar jarayonida qo'lga kiritilgan topilmalar nafaqat muzey fondini boyitishga xizmat qiladi, bundan tashqari, muzey ilmiy xodimlari tomonidan tadqiq etilib, natijalari respublikamizning nufuzli ilmiy nashrlarida chop etib boriladi.